Hozirgacha anesteziya aynan qanday qilib ongni o‘chirishi masalasi hali to‘liq hal qilinmagan. Odatda narkoz deganda insonning butunlay hushsiz holatga kelishini tushunamiz. Odam uxlaydi, atrofida nima bo‘layotganini sezmaydi va operatsiya davomida sodir bo‘lgan voqealarni eslamaydi. Ammo bu vaqtda miya axborotni qayta ishlashni davom etar ekan
Tadqiqotchilar epilepsiya sababli miya operatsiyasini o‘tkazayotgan yetti nafar bemorda umumiy narkoz ostida miya faoliyatini o‘rganishdi. Buning uchun ular Neuropixels deb ataladigan maxsus elektrod zondlaridan foydalanishdi. Ushbu qurilmalar bir vaqtning o‘zida yuzlab neyronlarning elektr faolligini qayd etish imkonini beradi.
Olimlar, ayniqsa, xotira va o‘rganish jarayonlarida muhim rol o‘ynaydigan gipokampga e’tibor qaratishgan. Dastlab bemorlarga takrorlanib turadigan bir xil tovushlar eshittirildi. Vaqti-vaqti bilan esa boshqalaridan farq qiladigan tovush qo‘yildi.
Qizig‘i shundaki, bemorlar umumiy narkoz ostida bo‘lishiga qaramay, gipokampdagi neyronlar noodatiy tovushlarga boshqacha javob bergan. Tajriba davom etgan sari miyaning bu tovushlarni farqlash bilan bog‘liq javobi ham kuchaygan.
Bu hodisa neyroplastiklik, ya’ni miyaning tajriba ta’sirida o‘z faoliyatini o‘zgartirish qobiliyati bilan bog‘liq. Boshqacha aytganda, o‘rganishning ayrim neyron mexanizmlari ongli ravishda sezish bo‘lmagan holatda ham ishlashi mumkin.
Keyingi tajribada bemorlarga qisqa hikoyalar eshittirildi. Olimlar miya faoliyatini kuzatib, neyronlar ot, fe’l va sifat kabi so‘z turkumlariga oid ma’lumotlarni farqlashini aniqlashdi.
Bundan ham qizig‘i, neyronlar faoliyatida jumlada hali aytilmagan keyingi so‘zning ma’nosini taxmin qilishga yordam beradigan belgilar ham kuzatildi. Demak, miya faqat kelayotgan tovushlarni qabul qilmay, tilning mazmuni va tuzilishiga oid qonuniyatlarni ham qayta ishlashi mumkin.
Bu jarayon bashoratli qayta ishlash deb ataladigan mexanizm bilan bog‘liq. Biz suhbatni tinglayotganimizda, miyamiz avval eshitgan so‘zlarimiz va kontekst asosida keyin nima aytilishini taxmin qiladi. Mazkur tadqiqot esa bunday jarayonlarning ayrimlari ongli idrok bo‘lmagan holatda ham saqlanishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Miya faoliyati bilan ongli tajriba bir xil narsa emas. Miyamiz ayrim ma’lumotlarni qayta ishlashi mumkin, ammo bu biz ularni ongli ravishda sezayotganimizni anglatmaydi.
Olimlar uchun keyingi muhim savolb - miya axborotni qayta ishlayotgan bo‘lsa, nima uchun biz ayrim holatlarda uni ongli ravishda his qilmaymiz?
Kelajakda bunday tadqiqotlar xotira, til va ongning qanday ishlashini chuqurroq tushunishga, shuningdek, insult yoki miya shikastlanishidan keyin gapirish qobiliyatini yo‘qotgan insonlarga yordam beruvchi miya-kompyuter interfeyslarini yaratishga hissa qo‘shishi mumkin.
Balki miyamizning biz sezmaydigan faoliyati biz o‘ylaganimizdan ancha murakkabdir. Ammo neyronlarning axborotni qayta ishlashi bilan insonning uni ongli ravishda his qilishi o‘rtasidagi farqni unutmasligimiz kerak.
Science












